Jamiyat

Toshkentda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan shaxslar ushlandi

Ular 1 120 dona “Regapen” va 600 dona “Tropikamid”ni 4 000 AQSH dollariga sotgan.

Toshkentda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan shaxslar ushlandi

 

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi va DXX tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda fuqaro A.Q. xaridor A.ga jami 2 744 dona “Regapen” nolmi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 2 300 AQSH dollariga sotgan.

 

Maʼlum bo‘lishicha, Uchtepa tumani 12-mavzeda joylashgan uyning yerto‘lasida 1 744 dona “Regapen” nomli dori vositasi saqlab kelingan. Tadbir yakunida jami 80 quti 4 488 dona “Regapen” dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan. 

 

Yana bir xuddi shunday holat Departamentning Chilonzor tuman bo‘limi hamda DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ham kuzatildi. Unda fuqarolar D.T. va D.S.lar kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini muomalaga kiritish orqali daromad orttirishni ko‘zlagan. 1 120 dona “Regapen” va 600 dona “Tropikamid” nomli dori vositalarini 4 000 AQSH dollariga sotgan. 

 

Taʼkidlanishicha, hozirda har ikkala holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yilgani, Toshkentda kuchli taʼsir etuvchi dori vositalarini sotayotgan dorixonalar aniqlangani, Shirin shahrida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan shaxs ushlangani, Jizzaxda talab yuqori dori vositalarini noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olingani hamda Sirdaryoda kuchli taʼsir qiluvchi “Tropikamid” dori vositasini sotayotgan shaxs aniqlangani haqida xabar berilgandi.

Toshkentda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan shaxslar ushlandi | Zamon.uz