Poytaxtning ikki tumanida issiqlik taʼminoti uzildi
Nosozlikni tiklash uchun 20 kishidan iborat ishchi guruh jalb etilgan.

Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlaridagi ayrim hududlarda issiqlik taʼminoti vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda “Toshissiqquvvati” xabar berdi.
IM-10 qozonxonasiga ulangan M-0 Du-800 magistral issiqlik tarmoqlarida nosozlik vujudga kelganligi sababli, bugun 6-dekabr kuni soat 10:00 dan 17:00 gacha qator manzillarda issiqlik taʼminoti vaqtinchalik to‘xtatildi.
Olmazor tumaning Farobiy, Mirzo G‘olib, Qamarniso, Shifokorlar, G.Karimov, Xo‘jayev ko‘chalari hamda ToshMI, Shifokorlar shaharchasi, O‘zMU, ToshPI, G-30, Olimpiya, Chimboy, Beshqo‘rg‘on-1,2,3,4, Muxbir, Qora qamish 2/4 mavzelarida. Shayxontohur tumanining esa Farobiy ko‘chasi hamda Jarariq, Beltepa, Ibn Sino-1,2 mavzelarida o‘chiriladi.
Hozirda nosozlikni bartaraf etish ishlari amalga oshirilib, issiqlik taʼminoti qayta tiklanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentning ayrim hududlari issiq suv taʼminotidan uzib qo‘yilgani, Toshkent shahrining qator hududlarida ichimlik suvi bilan bog‘liq uzilishlar kuzatilishi, poytaxtda ichimlik suvi vaqtincha to‘xtatilgani, qator mavzelarida issiq suv taʼminoti vaqtincha o‘chirilishi hamda vaqtincha suvsiz qoladigan hududlar soni oshgani haqida xabar berilgandi.







