Rossiya Eronga gipertovushli qanotli raketalar ishlab chiqishda yashirincha yordam bergan — FT
Tehron Rossiya ko‘magida yaratilgan raketani sinovdan o‘tkazgan, biroq uni qurolli kuchlar tarkibiga qabul qilgani noma’lum.

Rossiya 2023-yildan buyon C430L kod nomi ostidagi maxfiy dastur doirasida Eronga zamonaviy gipertovushli qanotli raketalarni ishlab chiqishda yordam berib kelgan. Bu haqda Financial Times nashri sizdirilgan yozishmalar, safarlar haqidagi ma’lumotlar va harbiy patentlar tahliliga asoslangan surishtiruvida ma’lum qildi.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, dastur AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan keyin ham davom etgan.
C430L dasturining asosiy maqsadi Eronga qanotli raketalarda qo‘llanadigan to‘g‘ridan to‘g‘ri oqimli dvigatelni ishlab chiqishda yordam berish bo‘lgan. Bunday dvigatel raketaga tovush tezligidan bir necha baravar yuqori tezlikda parvoz qilish imkonini beradi.
Dastur Rossiya tomonidan «Rosoboroneksport» tomonidan tashkil etilib, loyiha «NPO mashinostroyeniya» bilan hamkorlikda muvofiqlashtirilgan. Unda Rossiyaning raketa ishlab chiqarish sohasidagi yetakchi mutaxassislari ham ishtirok etgan.
Ekspertlarning fikricha, ishlab chiqilayotgan texnologiyalar kemalarga qarshi hamda quruqlikdagi nishonlarga zarba beruvchi raketalarda qo‘llanishi mumkin.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, Eron to‘g‘ridan to‘g‘ri oqimli dvigatelni allaqachon yaratgan va uning parvoz sinovlarini o‘tkazgan. Biroq Rossiya yordami bilan ishlab chiqilgan gipertovushli qanotli raketaning qurollanishga qabul qilinganiga hozircha dalil yo‘q.
FT 2024-yil iyunida Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb qurollari bilan Rossiya hududiga zarbalar berilishiga javoban Moskva bunday zarbalarni amalga oshirayotgan davlatlarning nozik obyektlariga qarshi foydalanish uchun dunyoning boshqa hududlariga «xuddi shunday qurollar» yetkazib berishi mumkinligini aytganini ham eslatgan. Nashr qayd etishicha, o‘sha vaqtda C430L dasturi allaqachon faol bo‘lgan.








