Namanganda fuqaroga 1,2 gektar yer maydonini olib berishni vaʼda qilgan shaxs qo‘lga tushdi
U firibgarlik yo‘li bilan 58 200 AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda “Sh.” bog‘dorchilik-uzumchilik shirkati aʼzosi K.U. o‘zi va qo‘shnisiga tegishli bo‘lgan Toshkent viloyati, Piskent tumanida joylashgan jami 1,2 gektar yer maydonini fuqaro U.ga firibgarlik yo‘li bilan 58 200 AQSH dollariga sotishga uringan.
Maʼlum bo‘lishicha, tanishlari yordamida yerga egalik huquqini beruvchi hujjatlarni tayyorlab berishi evaziga oldindan 10 000 AQSH dollari va 75 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida 1 409 ta holatda 263,3 gektar yer maydonida o‘zboshimchalik bilan egallangani va noqonuniy qurilmalar qurilgani maʼlum bo‘lgandi.
Avvalroq Farg‘onada “auksion” orqali arzon yer maydoni olib beraman deb 60 million so‘mni qo‘lga kiritgan, 10 ming dollar evaziga uy-joy qurish uchun yer olib bermoqchi bo‘lgan, Bo‘stonliq tumanida 5 gektar yerni 150 ming AQSH dollarga olib berishni vaʼda qilgan shaxs ushlangani hamda Zaxiradagi yer maydonini sotmoqchi bo‘lgan firibgar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.







