Jamiyat

Dorixona rahbari “Regapen”ni xaridorga 125 ming so‘mga pullamoqchi bo‘ldi

Toshkentda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi.

Dorixona rahbari “Regapen”ni xaridorga 125 ming so‘mga pullamoqchi bo‘ldi

 

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Olmazor tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

 

Unda aytilishicha, “A” MCHJga qarashli dorixona rahbari J.T. xaridorga 5 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 125 ming so‘mga sotgani aniqlandi. Ushbu dorixonadan tegishli hujjatlari bo‘lmagan 89 dona “Karbaleks”, 51 dona “Regapen” va 50 dona “Karbamazepin” nomli dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan. 

 

Xuddi shunday holat “F” MCHJga qarashli dorixonada o‘tkazilgan tekshiruvda, dorixona rahbari M.Sh. xaridorga 3 dona “Regapen” nomli dori vositasini 60 ming so‘mga sotgani aniqlandi. Mazkur dorixonadan tegishli hujjatlari bo‘lmagan 322 dona “Regapen” nomli dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan. 

 

Shuningdek, departamentning Shayxontohur tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ham kuzatildi. Fuqarolar Sh.X. va B.X.lar xaridor M.ga 20 dona “Tropikamid” va 42 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 100 AQSH dollari va 1 million so‘mga sotgan vaqtida ushlandi. Ularning yashash xonadonidan 435 dona “Regapen”, 201 dona “Selofen” va 23 dona “Tropikamid” nomli dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

 

Bundan tashqari, departament hamda DXXning Yunusobod tumani bo‘limlari tomonidan IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ham “K” MCHJ taʼsischisi X.E. va boshqalar 5 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 100 ming so‘mga sotganligi maʼlum bo‘ldi. J.I.ning boshqaruvidagi avtomashinadan 100 dona ushbu dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

 

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) va 251-1-moddasi (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

 

Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  Toshkentda kuchli taʼsir etuvchi dori vositalarini sotayotgan dorixonalar aniqlangani, Toshkentda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi fosh bo‘lgani, Namanganda “Lacetti”dan hujjatsiz 80 million so‘mlik dori-darmon topilgani hamda Shirin shahrida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgandi.

Dorixona rahbari “Regapen”ni xaridorga 125 ming so‘mga pullamoqchi bo‘ldi | Zamon.uz