O‘zingdan chiqqan baloga: sobiq bank xodimi firibgarga aylandi
Bektemir tumanida 11 nafar xodimning nomiga mikroqarz olgan sobiq bank xodimi qo‘lga olindi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bektemir tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro S.E. 2018-2021 yillarda Toshkent shahri bo‘yicha G‘aznachilik boshqarmasida turli lavozimlarda ishlagan davrida 11 nafar xodimning nomiga 2 ta tijorat bankdan jami 212 million so‘m mikroqarz ajratgan. Bundan 11 nafar xodimning hech qanday xabari bo‘lmagan. Sobiq bank xodimi kredit mablag‘larini o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab, talon-toroj qilgani aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sergelida 32,5 ming dollarni o‘zlashtirib yuborgan bank kassiri va bosh mutaxassisiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Mirishkorda bank xodimlari aralashgan noqonuniy “o‘yin” fosh etilgani, shuningdek, sobiq bank xodimi 9 nafar fuqaroning omonatiga xiyonat qilgani haqida xaabar berilgandi.







