Toshkent viloyatida ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan 27 kishi qo‘lga olindi
Toshkent viloyatida «Xavfsiz hudud» tezkor-profilaktik tadbiri davomida yashirin ravishda ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.


Maʼlum bo‘lishicha, Toshkent viloyat IIBB, prokuratura, DXX bilan hamkorlikda Nurafshon shahri, Ohangaron va Chinoz tumanlarida o‘tkazgan «tezkor tadbir» davomida shunday shaxslarninig 27 nafari aniqlanib, ushlangan.
Taʼkidlanishicha, hozirda ushbu shaxslarning xatti-harakatlariga qonuniy baho berish bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkentda “Xalifalik” davlatini qurmoqchi bo‘lgan 12 nafar shaxs, Toshkent viloyatning Zangiota tumanida ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan yana bir guruh ushlangani, shuningdek, Jizzax viloyatida Hizb ut-Tahrir al-Islomi xalqaro terrorchilik guruhi vakillari ham qo‘lga olingani hamda Qo‘qonda “Jihodchilar” oqimi tarafdorlari faoliyatiga chek qo‘yilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.







