Toshkentda qidiruvda bo‘lgan haydovchi YPXdan qochayotganida inspektor va piyodani urib yubordi
Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtdagi ko‘chalarning birida fuqarolar va YPX xodimlari o‘rtasida katta janjal sodir bo‘lgani tasvirlangan video tarqaldi. Toshkent IIBB mazkur holat bo‘yicha rasmiy maʼlumot berdi.


Maʼlum bo‘lishicha, 30-sentabr kuni soat 23:00 larda Chilonzor tumani Bunyodkor shohko‘chasida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimlari xizmat davomida qidiruvda bo‘lgan (ko‘plab to‘lanmagan jarimalari tufayli qidiruvga berilgan) "Nexia-2" avtomobilini ko‘rib qolib, unga jezl va hushtak yordamida to‘xtash haqida ishora bergan. Ammo haydovchi xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgan.
Qayd etilishicha, holat haqida maʼlumot ratsiya orqali boshqa xodimlarga yetkazilgan. Shu bilan birga, Toshkent shahar IIBB YHXB YPX 4-batalyoni 2-mobil guruhi komandiri mayor Rustam Ismoilov va YPX inspektori katta serjant Atabek Ismailov “Lacetti” xizmat avtomobilida qoidabuzar ortidan yo‘lga chiqqan. Haydovchi YPX inspektorining to‘xtash haqidagi ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgani sabab uni majburan to‘xtatishga qaror qilingan.
Bunyodkor va Qatortol ko‘chalari kesishmasida xodimlarning saʼy-harakatlari bilan “Nexia-2” avtomobili majburan to‘xtatilgan. YPX xodimi avtomobilidan chiqishini kutgan “Nexia” haydovchisi yana harakatni boshlab, mayor Rustam Ismoilovni urib yuborgan va yo‘l harakati qoidalarini buzib, piyoda va boshqa transportlar uchun xavf tug‘dirgan, shuningdek, piyodalardan birini turtib ketgan. Tez orada Toshkent shahar IIBB xodimlari qoidabuzar haydovchini to‘xtatgan va boshqa og‘irroq yo‘l-transport hodisasining oldi olingan.
Taʼkidlanishicha, to‘xtatilgan avtomobilning yo‘lovchilari bo‘lgan bir nechta ayol chiqib, YPX inspektorlari bilan janjal ko‘targan.
Haydovchi qashqadaryolik 24 yoshli Temur Ch. va uning yo‘lovchilari – 21 yoshli Shahzoda Ch., 39 yoshli Rayhon M., 44 yoshli Barnogul M. va 45 yoshli Bog‘dagul M. Chilonzor tumani IIIO FMBga yetkazilgan.
Mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda, natijalari bo‘yicha qonuniy chora ko‘riladi.
Avvalroq Surxondaryoda YPX xodimini kapotda sudrab ketgan haydovchiga chora ko‘rilgandi. Shuningdek, Samarqandda yuk mashinasi YPX xodimining xizmat mashinasi bilan to‘qnashgani, Surxondaryoda mast haydovchi ikki nafar YPX inspektorini sudrab ketgani, Toshkentda “Lacetti” haydovchisi YPX xodimiga bo‘ysunmay qochib ketgani hamda Qashqadaryoda YPX xodimlari tomonidan kaltaklangan fuqarolar qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi.







