Toshkentda profilaktika inspektori suvga cho‘kayotgan odamni qutqarib qoldi
Leytenant A.Maxmarayimov “tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qilib, shifokorlarni chaqirgan va unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan.


Ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahar IIBB xodimi cho‘kayotgan fuqaroga yordam ko‘rsatgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan IIBB munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, 30-sentabr kuni taxminan soat 21:30 da 37 yoshli M.M. mast holatda bo‘la turib, ehtiyotsizlik oqibatida Sergeli tumani “Qorasuv” mahallasi hududidan oqib o‘tgan kanalga tushib ketgan. Suvdan mustaqil chiqa olmagan fuqaro atrofdagilarni yordamga chaqirgan. Shu paytda o‘sha hududdan o‘tib ketayotgan Sergeli tumani IIO FMB 3-son IIB profilaktika inspektori, leytenant Alibek Maxmarayimov chaqiriqni eshitib, yordamga shoshadi va suvga cho‘kayotgan fuqaroni qutqarib qolgan.
Taʼkidlanishicha, leytenant A. Maxmarayimov “tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qilib, shifokorlarni chaqirgan va unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan.
"Hurmatli hamshaharlar va Toshkent mehmonlari, iltimos, suv havzalari yaqinida ehtiyot bo‘ling" — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘zini ko‘prikdan tashlamoqchi bo‘lgan o‘smir qutqarib qolingandi.
Avvalroq Namanganda kanalga cho‘kib ketgan 10 yoshli bolaning jasadi topilgandi. Shuningdek, viloyatda “Nexia” boshqaruvini yo‘qotilishi sababli kanalga tushib ketgani, Sirdaryo daryosida 26 yoshli fuqaro cho‘kib ketgani hamda Bo‘stonliqda 150 metr balandlikdan “Spark” haydovchisi omon qolgani haqida xabar berilgandi.







